To‘xtab qolish yo‘q!

Yoshlar oyligi doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasida turli yo‘nalishlarda ko‘plab loyihalar amalga oshirilmoqda. Ellikqal’a tumanida uchta yosh oilaga yangi xonadon kalitlari tantanali tarzda topshirildi. Tadbirda tuman hokimi Seydamat Avezov ishtirok etdi. ‒ Davlatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan e’tibordan mamnunmiz, ‒ deydi “Yoshlar uyi”ga ko‘chib o‘tgan Eldor Kojanov. ‒ Yangi xonadonda hayotimiz yanada totli va farovon o‘tishiga ishonaman. Bunday muhitda ulg‘aygan farzandlarimiz yurt koriga kamarbasta insonlar bo‘ladi, albatta.


Ellikqal’ada tikuvchilik sexi ham ishga tushdi. Uni “Ellikqal’a teks” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Sharof Xo‘jayev ochgan. Yosh tadbirkor sex binosini qurish va zarur jihozlar sotib olish uchun “Yoshlar ‒ kelajagimiz” jamg‘armasi ko‘magida salkam 800 million so‘m miqdorida kredit oldi. Yangi korxonada 60 nafar ayol ish bilan ta’minlangan.

O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq shoiri Ibroyim Yusupovning ijodiy merosini o‘rganish hamda yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish maqsadida Ittifoqning Qoraqalpog‘iston Respublikasi kengashi “Ayaziy” intellektual tanlovini o‘tkazdi.

Loyihaga 1 ming 300 nafar yigit-qiz qamrab olindi. Yakuniy bosqichda 32 nafar bilimdon o‘zaro bellashdi.

14-19 yosh toifasida 1-o‘rinni Chimboylik Gulchehra Aytmuratova, 20-30 yosh toifasida esa Nukus tumani vakili Ulperi Aytnazarova egalladi. G‘oliblar diplom va esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.

“Yoshlar oyligi” doirasida kam ta’minlangan tengdoshlarimizga ijtimoiy yordam ko‘rsatilmoqda. Masalan, Ittifoqning Qo‘ng‘irot tumani Kengashi Oltinko‘l shaharchasida yashovchi ijtimoiy himoyaga muhtoj oila vakili Ozoda Atajanova hamda “Azatliq” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qilayotgan Qo‘ng‘irot tibbiyot kolleji o‘quvchisi, I guruh nogironi Ozoda Azatovaga zamonaviy tikuv mashinalarini sovg‘a qildi. Endi bu qiz uyda kasanachilik bilan shug‘ullanib, daromad topishi mumkin.

Yurtimiz bo‘ylab “Ezgulik albatta qaytadi” aksiyasi ham davom etmoqda. Unda 22 nafar shumanaylik tengdoshimiz ‒ Ittifoqning boshlang‘ich tashkilot yetakchilari va boshqa ko‘ngilli yoshlar ishtirok etib, tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli shifoxonada davolanayotgan bolalar salomatligi uchun qon topshirdi.

Indira MAMBETNAZAROVA

Manba: Yoshlar ovozi

Комментарии